Logo
search icon
global icon

uzb

iconshadow
iconshadow
iconshadow
[object Object]

500 dan ortiq olimlar O‘zbekiston Prezidentiga bilim va tajribalarini bir maqsad yo‘lida safarbar etishga va’da berishdi

16:37 / 05.07.2024

500 dan ortiq olimlar O‘zbekiston Prezidentiga bilim va tajribalarini bir maqsad yo‘lida safarbar etishga va’da berishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” mavzusidagi respublika forumi ishtirokchilarining MUROJAATI qabul qilindi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur forum mamlakatimiz ijtimoiy va madaniy-ma’rifiy hayotida yorqin iz qoldirdi. 

Forumda yurtimizning barcha hududlaridan 500 dan ortiq yetuk olimlar, fan arboblari, ekspertlar, yosh tadqiqotchilar, shuningdek, diniy soha vakillari ishtirok etdi. Ular 10 ta shoʻbaga bo‘lingan holda Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-tarixiy konsepsiyasi hamda uning tarkibidagi muzey ekspozitsiyasini shakllantirishga bag‘ishlangan 50 dan ortiq ma’ruzalarni tinglab, 600 ga yaqin taklif va mulohazalarini bildirdilar. 

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” mavzusidagi respublika forumi ishtirokchilarining MUROJAATI qabul qilindi.

Murojaatda jumladan, shunday deyiladi: “Yurtimiz tarixida birinchi marta amalga oshirilayotgan noyob megaloyiha sifatida baholanayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish to‘g‘risidagi tashabbusingiz muqaddas dinimizning tinchlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini ulug‘lash, xalqimizning buyuk tarixi, boy madaniy-ma’rifiy merosini tiklash va dunyoga targ‘ib etish borasidagi doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligingizning yuksak amaliy namunasi sifatida ayniqsa tahsinga sazovordir”. 

Darhaqiqat, ushbu markaz o‘zbek xalqining ulug‘vor tarixi va madaniy merosi hamda diniy qadriyatlarining betakror timsoli sifatida bunyod etilayotgani qayd etilib, murojaatda shunday fikrlar bildirildi: “Bugungi tahlikali davrda, xususan, islom nomi bilan amalga oshirilayotgan xurujlar avj olgan bir sharoitda, ushbu markaz har qanday yot g‘oyalarga qarshi ilmiy raddiyalar orqali javob beradigan yetakchi ilmiy-ma’rifiy maskanlardan biriga aylanadi. Shuningdek, bu yerdagi barcha muzey ekspozitsiyalarida aks etadigan ilmiy-tadqiqot ishlanmalari yoshlarni yangi O‘zbekistonni barpo etishdek yuksak vazifaga yetaklab, buyuk ajdodlarimiz tarixi haqidagi to‘g‘ri fikrni shakllantirishga xizmat qiladi, deb ishonamiz”.

Murojaat yakunida: “Biz, Forum ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasi markazini ilm va ma’rifat, yangi g‘oyalar ishlab chiqadigan chinakam aql markaziga aylantirish yo‘lida Sizga yordamchi va ko‘makchi bo‘lib, chin dildan mehnat qilishga, o‘zimizning bor bilim va tajribamiz, iste’dodimizni shunday ulug‘ ishga bag‘ishlashga va’da beramiz,”- degan so‘zlar yurtimizdagi barcha olimlar, fan arboblari, yosh tadqiqotchilar, turli soha vakillarining dil izhori sifatida yangradi.

Anjuman yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyatini yanada takomillashtirish, uning tarkibidagi muzey ekspozisiyasi bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Ilmiy kengashni tashkil etish bo‘yicha forum ishtirokchilari tomonidan qaror qabul qilindi. Mazkur Ilmiy kengashga forum doirasida bildirilgan 600 dan ortiq takliflarni tahlil qilgan holda amaliyotga joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda hukumatga taqdim qilish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.