BUYUK BRITANIYA, AVSTRIYA VA NIDERLANDIYALIK EKSPERTLAR WOSCU LOYIHALARI BILAN TANISHISHDI
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) ofisida O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Avstriya va Niderlandiyaning yetakchi olimlari ishtirokidagi ilmiy brifing bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida madaniy meros sohasida hamkorlikda ilmiy tadqiqot va noshirlik ishlarini olib borish istiqbollari, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tadqiqotchilar madaniyat va tarix sohasidagi ilmiy ishlar, shuningdek, turli madaniy jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarga alohida eʼtibor qaratdilar. Mehmonlar 70 jildlik “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida”, 20 jildlik “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar”, faksimile ko‘rinishida chop etilgan qo‘lyozma yodgorliklar, sovg‘a nashrlari, shuningdek, hujjatli filmlar bilan tanishishdi. WOSCU raisi Firdavs Abduxoliqov xorijlik olimlarni Butunjahon jamiyati faoliyatining yangi yo‘nalishlari bilan tanishtirdi:
– Ushbu loyihalarni amalga oshirishda asosiy qiyinchiliklardan biri ayrim xorijiy ilmiy muassasalar bilan aloqa o‘rnatish edi. Ilgari bu jarayon madaniy merosni muhofaza qilish borasidagi yondashuvlardagi farqlar, byurokratik to‘siqlar tufayli qiyin kechgan. Mamlakatimiz Prezidentining qatʼiyati va talabchanligi, xalqaro hamkorlar, WOSCU jamoasi ishini faollashtirish, shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash va o‘rganish bo‘yicha bir maqsadni ko‘zlagan ijtimoiy masʼuliyatli biznes vakillarining Eriell Group timsolida qo‘llab-quvvatlashi tufayli mazkur yo‘nalishda sezilarli yutuqlarni qo‘lga kiritish imkoni yaratildi. Shu bois bugun olimlar, muzeylar vakillari bilan o‘tkazilgan ilmiy uchrashuv doirasida biz nafaqat loyihalarimizga eʼtibor qaratdik, balki sharqshunoslik, qo‘lyozma merosi sohasidagi nufuzli mutaxassislardan ham ko‘mak oldik. Umid qilamizki, endi loyihamiz yangi izlanishlar va ilmiy kashfiyotlar bilan boyib boradi. O‘rnatilgan aloqalar bizga noyob ashyolar va hujjatlar bilan tanishish imkonini beradi, bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonning madaniy merosi haqidagi bilimlarimizni sezilarli darajada kengaytirish, mutaxassislar va umuman keng omma uchun foydali bo‘lgan qator ilmiy nashrlar va kitoblarni tayyorlash imkonini beradi.
Oksford universitetining Bodlian kutubxonasi mutaxassisi Nikolas Kontovas O‘zbekistonda fan va madaniyat sohalariga salmoqli yordam ko‘rsatilayotganini taʼkidladi.
- Ko‘ryapmanki, siz juda katta ish qilyapsiz. WOSCU Kembrij to‘plamlari haqidagi bir nechta kitoblarni nashr etdi. Bodlian kutubxonasi fondi haqida ham kitob chiqarsangiz yaxshi bo‘lardi, chunki bizning fondimizda eski o‘zbek tilida yozilgan 200 nusxa qo‘lyozma mavjud. Arab va fors tillarida yozilgan bir qancha kitoblar ham borki, ularni tadqiq qilish va nashr etish borasida WOSCU bilan hamkorlik qilishdan mamnun bo‘lamiz. Bu yerdagi kabi ilm-fan va madaniyatni beqiyos darajada qo‘llab-quvvatlash boshqa mamlakatlarda kam uchraydi. Bugungi kunda bunday yirik madaniy loyihalarni ilgari surish tobora qiyinlashib bormoqda va O‘zbekistonda xalqning tarixi va madaniyatiga bunday yuksak eʼtibor qaratilayotganidan xursandman. Bu tajriba O‘zbekistonning boshqa mamlakatlardagi obro‘-eʼtiborini yana-da oshirmoqda”, — dedi u.
Sharqshunoslar o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashishdan mamnun bo‘lib, bu boradagi hamkorlikni davom ettirish istagini bildirishdi, madaniy merosni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazishda bunday izlanishlar juda muhimligini taʼkidladilar.