Oksforddagi O‘zbekistonga oid xazinalar
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya Oksford Islom tadqiqotlari markaziga tashrif buyurdi.
Markaz vakillari va olimlari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov va boshqalar ishtirok etdi.
Yangi O‘zbekistonda madaniy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, dolzarb ilmiy tadqiqotlar haqidagi, shuningdek, bu boradagi xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirishga oid taqdimotlar tinglandi.
O‘z navbatida Oksford Islom tadqiqotlari markazi vakillari ham qator davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Islom olami tarixi atlasi” loyihasini taqdim etdi. Loyihada dunyoning har bir mintaqasining Islom sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni, muhim kashfiyotlar, olimlar hayoti va faoliyati, shuningdek, islom sivilizatsiyasining jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi ko‘rib chiqildi. Muzokaralar chog‘ida ushbu loyiha turkumida Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi roliga bag‘ishlangan jildni yaratish bo‘yicha ikki tomonning saʼy-harakatlarini birlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Uchrashuv O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro tadqiqot markazlari va Oksforddagi islom tadqiqotlari markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanishi bilan yakunlandi. Tadbir doirasida so‘nggi yillarda chop etilgan kitob va albomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Oksford islom tadqiqotlari markaziga Katta Langar Qurʼoni faksimilesi, shuningdek, “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” turkumidagi kitob-albomlar sovg‘a qilindi.
"O‘zbekiston boy tarix va betakror madaniy merosga ega qadimiy mamlakat, — dedi Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy. — Men O‘zbekistonga ko‘p marotaba borganman. Ammo so‘nggi yillarda mamlakatingiz tashqi dunyo bilan aloqalari tobora kengaya boshladi. Yangi O‘zbekiston rahbari barcha xorijiy hamkorlar qatori biz olimlar, xorijiy tadqiqotchilar uchun ham eshiklar ochiq ekanini aytmoqda. Jumladan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan birgalikda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan muzokaralar kutilgan natijalarni berishiga ishonaman".
Shundan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari dunyoning eng qadimiy kutubxonalaridan biri bo‘lgan Oksforddagi Bodlean kutubxonasiga tashrif buyurishdi va u yerda O‘zbekistonga oid nodir qo‘lyozmalar bilan tanishishdi.
"O‘zbekiston buyuk allomalar, shoir va mutafakkirlar yurti, – deydi Bodlean kutubxonasi Sharq qo‘lyozmalari bo‘limi kuratori Nikolas Kontovas. — Jumladan, Hazrat Alisher Navoiyning ul zot hayotligi davrida ko‘chirilgan qo‘lyozmalari kutubxonamiz fondining nodir javohirlaridan sanaladi. Bunday bebaho asarlarni bemalol butun insoniyatning xazinasi deyish mumkin".
Kutubxonada o‘zbekistonlik olimlar O‘zbekiston madaniy merosiga oid o‘ndan ortiq qo‘lyozmalar bilan tanishdilar. Ayniqsa, Alisher Navoiyning shaxsiy dastxati bo‘lgan “Xamsa” qo‘lyozmasi katta tassurot qoldirdi. Mirzo Ulug‘bekning "Ziji Ko‘ragoniy" asari ham o‘ziga xos tarixga ega. Uni salkam uch asr ilgari oksfordlik olim Jon Geyvs sotib olgan va kitob hoshiyasida zarhal qaydlar kiritgan. Kitob sahifalarida usmonli turk tilidagi bitiklar ham uchraydi.
O‘zbekiston ilmiy delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga tashrifi davom etmoqda.