Qoraqalpog‘istonda "Maʼrifat karvoni" tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda qator tashkilotlar bilan hamkorlikda «Tamaddun, madaniyat va maʼrifat» mavzusida «Maʼrifat karvoni» ilmiy-maʼrifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlari respublika bo‘ylab boshlandi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari boshchiligidagi ziyolilar jumladan, Mansur Bekmurodov, Muhammadjon Quronov, Anvar Matniyozov kabi qator yetuk olimlar guruhi Qoraqalpog‘istondagi targ‘ibot tadbirlarida ishtirok etmoqda.
«Maʼrifat karvoni» ilmiy-maʼrifiy va madaniy tadbirlarining o‘ziga xos jihati shundaki, hududlardagi olimlar, ziyolilar, sanʼat va madaniyat namoyondalari, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga masʼullar, mahalla faollari hamda ilg‘or yoshlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, mamlakatimizning milliy-mafkura yo‘nalishidagi islohotlari, jamiyatni, ayniqsa yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilishda ziyolilarni faollikka undash, ular uchun muloqot platformasini yaratishdan iborat. Aynan ziyolilarni mazkur ishga keng jalb qilish orqali, xalqimiz orasida o‘zlikni anglash va tarixiy ildizimizga oid bilimlarni oshirish maqsad qilingan.