Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida bir guruh yetuk ulamolar, atoqli arboblar, diniy soha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy olimlarga “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni topshirildi.
Tadbirda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari va diniy konfessiya vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, yurtimizda millatlararo do‘stlik va diniy bag‘rikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz hamda OAV vakillari ishtirok etgan.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, senator Sodiqjon Turdiyev, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov kabi diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarga hissa qo‘shib kelayotgan tashkilotlar vakillari va faollar ham mazkur mukofot bilan taqdirlandi.
Ushbu ko‘krak-nishoni diniy-maʼrifiy sohaning samaradorligini oshirish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini taʼminlash, dinlararo va konfessiyalararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashga hissa qo‘shgan shaxslarni taqdirlash maqsadida taʼsis etilgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati